Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining xabar berishicha, Yangiyoʻl shahri Kamolot koʻchasidagi koʻp qavatli turarjoy binosi sifatsiz qurilayotgani aniqlangan va unda olib borilayotgan qurilish ishlari toʻxtatilgan.
Qayd etilishicha, qurilayotgan koʻp qavatli binong ajratma devorlarida gʻisht terish ishlari belgilangan meʼyorlar asosida terilmagan. Bundan tashqari, gʻisht terish mobaynida qurilish setkalari ishlatilmagan. Bu esa obyektda texnik va ichki nazorat ishlamaganini koʻrsatadi.
Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berilgan va ular maʼmuriy jarimaga tortilishi belgilangan. Bino texnik tekshiruvdan oʻtkazilgunga qadar qurilish ishlari toʻxtatilgan.