Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara bojxona postiga fuqaro boshqaruvida kirib kelgan “DAF” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, koʻrik natijasida, avtomashinaning bagaj qismida, yoʻlovchi deklaratsiyasida koʻrsatilmagan hamda ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan, 1 dona qogʻoz quti ichida ogʻirligi 1,85 kg “porox” moddasi borligi aniqlangan.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, “porox” moddasi portlovchi moddalar tarkibiga kiradi.
Maʼlumot oʻrnida, JKning 246-moddasiga asosan, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklaratsiyasiz oʻq-dorilar va portlovchi moddalarni Oʻzbekiston hududiga noqonuniy olib kirish kontrabanda jinoyati hisoblanib, bojxona chegarasidan oʻtkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.