Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, Agentlik tashabbusi bilan Qizil togʻ hududida ommaviy plogging eko-aksiya tashkil etildi.
Eko-aksiya bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda ham boshlanib, unda qoʻmita va agentlik tizimi xodimlari, oʻquvchilar, yoshlar, OAV vakillari hamda jamoatchilikdan jami 500 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, aholi gavjum hududlarda oʻtkazilayotgan bunday aksiyalar odamlarning chiqindilarni toʻgʻri tashlash madaniyatini shakllantirishda samarali hisoblanadi.
Amaliy natijalarga koʻra, “Qizil togʻ” hududi 1 tonna 754 kilogramm chiqindidan tozalandi. Jamoalar oʻrtasida “Toza hudud” (195 kg) 1-oʻrinni, “Maxsus poligon” (130 kg) 2-oʻrinni, “Billing” (106 kg) jamoasi esa 3-oʻrinni egalladi.
Maʼlumot uchun, aksiya davomida respublika boʻylab 2 ming nafardan ortiq ishtirokchi tomonidan 20 ga yaqin hudud 97 tonna 900 kilogramm chiqindidan tozalangan. Tozalash ishlarida 40 ta maxsus texnika jalb etildi.
Eslatib oʻtamiz, agentlik tomonidan har yili “World Cleanup Day”, “Mahallani chiqindidan holi hududga aylantiramiz” kabi qator ekologik aksiyalar muntazam tashkil etib kelinmoqda.