Toshkent viloyatidagi zaharlangan bolalar ahvoli boʻyicha maʼlumot berildi

    Shu yil 24-sentyabrda Toshkent viloyatining qator maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarda oshqozon-ichak faoliyati buzilishi bilan bogʻliq belgilar kuzatilgan edi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovning maʼlum qilishicha, bolalar sogʻligʻi haqida murojaatlar kelib tushgan ilk soatlardanoq vaziyat vazirlik nazoratiga olingan.

    Jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda boʻlgan bolalar ham tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning 959 nafarida klinik belgilar aniqlanmagani uchun darhol uylariga javob berildi. Keyingi kunlarda yana 269 nafar bola davolanib, shifoxonalardan chiqarildi.

    Hozirda Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 694 nafar bola davolanmoqda. Mutaxassislar fikriga koʻra, ularning 13 nafari ahvoli oʻrtacha ogʻirlikda baholanmoqda. 2025-yil 27-sentyabr holatiga koʻra, yana 421 nafar bolaga ahvoli yaxshilangani sababli uyga javob berish rejalashtirilgan.

    Bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Toshkent shahridagi 17 ta ixtisoslashgan tibbiy muassasalardan 100 dan ortiq professor va mutaxassis jalb etildi. Davolash jarayonlari zamonaviy standartlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

    Vazirlikda tashkil etilgan shtab xulosasiga koʻra, bemor bolalarga “oʻtkir gastroenterit” tashxisi qoʻyilgan. Bu kasallik ogʻir yoki hayot uchun xavfli toifaga kirmaydi va odatda asoratsiz oʻtib ketadi. Hozirda Toshkent viloyatining yettita shifoxonasida bolalar davolanmoqda.

    Dinamikada ijobiy natijalar kuzatilmoqda va bolalar tez sogʻayishyapti. Yaqin kunlarda ular toʻliq sogʻlom holda uylariga qaytarilishi kutilmoqda.

    Shu bilan birga, vazirlik qoshidagi maxsus shtab har uch soatda videokonferensaloqa tizimi orqali Toshkent viloyati shahar va tumanlarida amalga oshirilayotgan davolash va profilaktika ishlarini muhokama qilib bormoqda. Zarur hollarda maslahat va koʻrsatmalar berib kelmoqda.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan joylarda epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda. Olingan namunalar laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazilmoqda, natijalari haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi.