Unda Toshkent viloyati shahar va tumanlari hokimlari hamda ularning investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Hududiy investitsiya dasturlarining amalga oshirilishi va shu yil davomida foydalanishga topshiriladigan yirik sanoat loyihalarining hozirgi holati muhokama etildi. Xususan, 300 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan Parkent tumanidagi “Zuma Pharma” MCHJdagi liofil va shprislar ishlab chiqarish loyihasi, shuningdek, Angren shahridagi 200 dan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil qilingan “Angren Insulation” MCHJda issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqarish loyihasi hamda 300 nafar mutaxassis ishlayotgan Yangiyoʻl tumanidagi “Dynamic textile” MCHJning toʻqimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish yirik korxonasida toʻliq ishlab chiqarish quvvatlarga chiqish tendensiyasi kuzatildi. Tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari joriy yil yakuniga qadar 500 ta loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda 17,6 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil hisobotlarni taqdim etdi.
Eksport hajmini oʻtgan yil natijalariga nisbatan 32 foizga oshirib 1 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, 416 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirilishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar alohida tartibda muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Yigʻilish yakunida masʼul rahbarlarga vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish yuzasidan qoʻshimcha manzilli topshiriqlar berildi.