Toshkent viloyatining yirik investitsiya loyihalari faoliyati oʻrganildi

    Sanoat 1 Avgust 2022 1840

    Joriy yil 1-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Toshkent viloyatining bir qator ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurdi.

    Tashrifdan maqsad joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning joriy holatini oʻrganish, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal etish, investitsiyalar jalb qilish, sanoat va eksportni rivojlantirish nuqtayi nazaridan hudud salohiyatidan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdir.

    Loyihalar bilan tanishish viloyatning Ohangaron tumanida avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “East Mining Invest” MCHJdan boshlandi. 2021-yilda ishga tushirilgan ushbu loyihaning qiymati 20,5 million dollarni tashkil etadi, hozirgi kunga qadar 12,7 million dollar oʻzlashtirildi. Shu mablagʻlar hisobidan Germaniyaning yetakchi uskunalar ishlab chiqaruvchisi “Wehrhahn”ning texnologik liniyasi oʻrnatildi. Korxonada 200 ga yaqin mutaxassis ishlaydi, zavodning ishlab chiqarish quvvati bugungi kunda yiliga 500 ming kubometr mahsulotni tashkil etadi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, ishlab chiqarishda asosan mahalliy xom ashyo, jumladan soʻndirilgan ohak, qum, kvars qumi, gips, sement va boshqalar ishlatiladi. Bu barcha bosqichlarda sifatni nazorat qilish imkonini beradi, shuningdek yakuniy mahsulot narxini pasaytiradi.

    “ Agro Sammix ” MCHJ yoʻnalishdagi yana bir yirik investitsiya loyihasi boʻldi. Loyihaning qiymati 13,46 million dollarni tashkil etadi, korxonada premikslar va ozuqa qoʻshimchalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Loyiha yiliga 47,5 ming tonna oqsilga boy vitaminli mineral konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Joriy yil birinchi yarmida 71,34 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 4,4 million dollardan oshiqroq hajmdagi tovarlar eksport qilindi.

    Bundan tashqari, hukumat komissiyasi “Angren” EIZda joylashgan “Central Asia Chemicals” MCHJga tashrif buyurdi. Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, zavodning texnologik imkoniyatlari kir yuvish kukunlari va yuvish vositalarini ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo sifatida ishlatiladigan natriy lauret sulfat (SLES) va alkilbenzol sulfat kislotalarini (LABSA) ishlab chiqarish imkonini beradi. Loyihaning umumiy qiymati 10,9 million dollarni tashkil etadi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 60,5 ming tonna mahsulot, shu jumladan qoʻlda yuvish uchun 31,2 ming tonna va avtomatik kir yuvish mashinalarida yuvish uchun 16,8 ming tonna tonna tayyor kukun ishlab chiqarish imkonini beradi.

    Shu kuni Hukumat komissiyasi, shuningdek, shisha tolali mineral jun ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Angren Insulation” MCHJ QK faoliyati bilan tanishdi. Ushbu loyihaning qiymati 15,7 million dollarni tashkil etadi, bu erda yiliga kigiz, folgalangan va oddiy rulonlarda 2,3 million dona mineral jun ishlab chiqariladi. Korxona toʻliq quvvatga erishganda, 300 yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilyapti.

    Komissiya aʼzolarining korxonalarga tashrifi davomida tadbirkorlar ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, tayyorlanayotgan va eksport qilinayotgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish boʻyicha oʻz fikrlari bilan boʻlishdilar. Respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha takliflar, shuningdek, tadbirkorlar bevosita faoliyatini amalga oshirish jarayonida duch kelayotgan masalalar ham tilga olindi. Masʼul rahbarlarga bildirilgan barcha masalalarni hal qilish boʻyicha tezkor choralar koʻrish va keyinchalik respublika darajasida kompleks yechimlarni ishlab chiqish uchun takliflar kiritish boʻyicha manzilli topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.