Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.
Shu yilning 21-avgust kuni soat 21:05 larda “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan “Sankt-Peterburg-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha uchib kelgan xorij fuqarosiga tegishli boʻlgan 1 dona qora rangli yoʻl sumkasi bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan tekshiruvda yuklar ichidan bojxona nazorati uchun belgilangan tartibda taqdim etilmagan va ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz boʻlgan 1 dona pnevmatik qurol va 1 dona pnevmatik quroldan otish uchun moʻljallangan 290 dona shariklar (zoldor) borligi aniqlandi.
Eslatib oʻtamiz; Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2022-yil 31-maydagi OʻRQ-772-son Qonuni bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini realizatsiya qilish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari tomonidan qurol va uning oʻq-dorilari bilan muomalada boʻlish qoidalarining buzilishi uchun alohida maʼmuriy javobgarlik choralari belgilanganligi; kalta stvolli pnevmatik qurolning realizatsiyasi taqiqlanganligi, boshqa turdagi pnevmatik qurol esa, faqat ichki ishlar organlarining ruxsatnomalari asosida sotib olinishi nazarda tutilganligi yuzasidan rahbariy tushuntirishlar berilgan.