Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi

    “Oʻzbekfilm” kinokonsernida 13-18-sentyabr kunlari oʻtkaziladigan “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining maxsus ishchi guruhi oʻz ish faoliyatini boshladi.

    Shu munosabat bilan kinokonsern pavilyonida festival ishchi guruhining faoliyati boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi. Ishchi guruh tomonidan festival davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga batafsil toʻxtab oʻtildi.

    Shuningdek, tashrifi kutilayotgan davlatlar ishtirokchilari roʻyxati shakllantirilib, xorijiy davlatlar kino kunlarini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi.

    Eslatib oʻtamiz, besh kun davom etadigan bu yilgi kinofestival Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti doirasida boʻlib oʻtadi.