Mamlakatimizning Ar-Riyoddagi elchixonasi tomonidan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibiyati bilan hamkorlikda 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlariga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda IHT Bosh kotibining oʻrinbosari Yusuf al-Dobeiy, Kotibiyatning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy masalalar boʻyicha departamenti rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi.
Anjumanda Oʻzbekiston elchisi, IHTdagi doimiy vakil Ulugʻbek Maqsudov ishtirokchilarni Toshkent xalqaro konferensiyasining maqsadi, shuningdek, forum ishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mintaqalararo hamkorlik, savdo-sotiqni rivojlantirish, transport yoʻlaklarini barpo etish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamalash, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga oid tashabbuslarining mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi.
IHT Bosh kotibining oʻrinbosari Yusuf al-Dobeiyng aytishicha, Toshkent forumi ham mazmun, ham tashkilotchilik jihatidan juda yuqori saviyada oʻtdi. Yusuf al-Dobeiy anjuman qatnashchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan respublikaning yangi tarixidagi tinchliksevar tashqi siyosatida ilgari surilgan mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash tashabbusini yuqori baholaganini taʼkidladi.
Tadbirda, qoʻshni mintaqalar uchun Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Oʻzbekistonning bu yoʻnalishdagi tashabbuslari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, birgalikda muammolarning yechimini topish va mavjud tahdidlarning oldini olishga qaratilgan saʼy-harakatlari eʼtirof etildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi yakunlari boʻyicha qabul qilingan hujjatni 2022-yilda Islomobod shahrida boʻlib oʻtadigan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 48-sessiyasida alohida rezolyutsiya shaklida tasdiqlash taklifini bir ovozdan maʼqulladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.