“Toshkent–Andijon” (1-bosqich) pulli avtomobil yoʻlini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat koʻrsatish loyihasini (“Loyiha”) amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, mazkur loyihaning 1-bosqichi umumiy uzunligi 171 km.ni tashkil etib, Toshkentdan Angrengacha boʻlgan avtomobil yoʻli va Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat koʻrsatishni oʻz ichiga oladi. Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda tasdiqlandi.
Jahon banki koʻmagida “Arup and Partnerʼs” (Buyuk Britaniya), “PWC” va “CMS Cameron” (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumi Hukumat tomonidan xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun Loyihaning maslahatchisi sifatida jalb qilingan.
Hukumat tenderda gʻolib boʻlgan ishtirokchini tanlov asosida tanlash va uzoq muddatli DXSH bitimini imzolashni rejalashtirmoqda. Tender DXSH toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq ikki bosqichda oʻtkaziladi:
- Birinchi bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan oʻtish uchun hujjatlarini topshiradi.
- Ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan oʻtgan kompaniyalar Loyiha boʻyicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi yoʻl qurilish sohasida DXSH loyihalarida tajribaga ega boʻlgan barcha qiziquvchilarni 2025-yil 21-aprel kuni, Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga qadar dastlabki malakani saralash bosqichi uchun hujjatlarini topshirishga taklif etadi.
Ariza topshirish boʻyicha koʻrsatmalar va malaka talablari haqida batafsil maʼlumot olish uchun dastlabki malaka soʻrov (RFQ) hujjatiga murojaat qiling. RFQ hujjati ushbu sahifaning oxirida ilova qilinadi va soʻrov boʻyicha ham joʻnatilishi mumkin.
Loyiha maʼlumotlar bazasiga kirish (VDR), dastlabki malaka hujjatlarini topshirish hamda Loyiha va RFQ boʻyicha har qanday aniqlik kiritish uchun quyidagi aloqa maʼlumotlari orqali “Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi” va “Arup and Partnerʼs” (Buyuk Britaniya), “PWC” (Oʻzbekiston) va “CMS Cameron” (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumi bilan bogʻlaning.