Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da go‘zallik va salomatlik uchun mahsulotlarni taqdim etuvchi kompaniyalarni birlashtirgan BeautyExpo Uzbekistan 2023 xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ochildi.

Bu yilgi go‘zallik sanoati ko‘rgazmasida Rossiya, Turkiya, Ispaniya, Italiya, Gruziya, Janubiy Koreya, Polsha, Yaponiya, Isroil, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi 13 davlatdan 50 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.

Ko'rgazma ikki bo'limga bo'lingan: Beauty Expo va Salon Expo. Beauty Expo qismida quyidagilar taqdim etilgan:

- yuz va teri parvarishiga qaratilgan vositalar;
- soch parvarishiga qaratilgan vositalar;
- gigiyena vositalari;
- dekorativ kosmetika;
- parfyumeriya;
- tabiiy kosmetika;
- kosmetika va maishiy kimyo ishlab chiqaruvchilar uchun maxsus vositalar;
- shartnoma asosida ishlab chiqarish;
- maishiy kimyo.

Salon Expo yo'nalishi quyidagilarni o'z ichiga olgan:

- yuz, teri va sochni parvarish qilish uchun professional kosmetika;
- inyeksion metodika va preparatlar;
- sochni bo'yash, bezash va parvarish qilish uchun vositalar;
- go'zallik salonlari va estetik tibbiyot klinikalari uchun asbob-uskunalar, jihozlar va kerakli materiallar;
- makiyaj uchun vositalar.

Ko‘rgazma O‘zbekiston vizajistlar uyushmasi, “Sog‘lom kelajak” kosmetologiyani rivojlantirish jamoat birlashmasi, Tirnoq servisi assotsiatsiyasi va O‘zbekiston tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, 18-fevralga qadar davom etadi.