Bolalar ombudsmanining maʼlum qilishicha, oʻtkazilgan tezkor-qidiruv choralari natijasida onlayn-savdo platformasiga mazkur eʼlon qay manzil va qaysi akkauntdan joylashtirilgani aniqlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahri, Uchtepa tumanida ota-onasi qaramogʻida yashovchi voyaga yetmagan I.A. (2012-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) kichik yoshli ukasi A.M. (2022-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola)ni shoʻxligi uchun goʻyoki taʼzirini berish maqsadida onlayn platformaga sotuv haqida (oʻzi ochgan akkauntdan) eʼlon joylashtirgan. U sotuv narxini 150 ming soʻm deb koʻrsatgan.
Hozirda holat yuzasidan Uchtepa tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkentda 3 yoshli bola “OLX”da sotuvga qoʻyilgani, mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan alohida nazoratiga olingan holda oʻrganilayotgani haqida xabar berilgandi.