Тошкентда 8 имом-хатиб, 10 имом ноиби ишдан олинди, 4 нафарига ҳайфсан берилди

    Ўзбекистон мусулмонлари идорасида бўлиб ўтган йиғилишда «белгиланган тартиб-қоидаларга риоя қилмаган» 8 нафар имом-хатиб, 10 нафар имом ноиби ишдан олингани, 4 нафарига ҳайфсан берилгани маълум қилинди.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasida raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Toshkent shahar imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Musulmonlar idorasi matbuot xizmatining yozishicha, majlis avvalida har bir imom-xatib din gʻami, xalq dardi va yurt taqdiri yoʻlida astoydil xizmat qilishi lozimligi, din peshvosi sifatida, aholi, ayniqsa, yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashi alohida taʼkidlangan.

    Tanqidiy masalalar muhokamasida ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, moʻmin-musulmonlar ehtiyojini taʼminlashda yetarli saʼy-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yoʻriqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora koʻrilgani aytildi.

    2024-yilning oʻtgan sakkiz oyida mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga eʼtibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgani hamda 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga esa hayfsan intizomiy chorasi qoʻllangani maʼlum qilindi.

    Muftiy hazratlari har bir imom-xatib din va mehrob omonatini chuqur his etishi, faoliyatini yaxshilab borishi, zamon bilan hamnafaslikda doimiy bilim-malakalarini oshirishi va peshvolik maqomiga munosib boʻlishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, barcha imom-xatiblarni ushbu martabada shariat xodimi sifatida ixlosu muhabbat, taqvo va sadoqat bilan xizmat qilishlariga daʼvat etdi.