Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti inspektori xizmat mavqeyidan foydalanib, Toshkent tumanida yashovchi, 1979-y.t. fuqaroning 7 kg oltin qimmatbaho metallarini Qozogʻiston Respublikasidan chegara bojxona posti orqali deklaratsiyada koʻrsatmasdan va bojxona nazoratidan yashirgan holda oʻtkazib berish evaziga Chirchiq shahrida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda bojxona xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining shuʼba bosh inspektori xizmat mavqeyidan foydalangan holda, oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ faoliyatini oʻzining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tugatib berish evaziga 2500 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini tuman soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda bosh inspektorga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Boshqa holatda esa Mirobod tumani soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari shuʼbasi inspektori oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda, oʻziga biriktirilgan hududda faoliyat yurituvchi savdo doʻkonida soliq tekshiruvlari amalga oshirmaslik va kelgusida har qanday soliq tekshiruvlari toʻgʻrisida oldindan xabar berib turish evaziga 10 mln soʻm pul mablagʻini oʻzining bank plastik kartasiga oʻtkazdirib olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Endilikda ushbu inspektor ham qonun oldida javob beradi.









