Tadbir O'zbekiston Badiiy akademiyasi, Yaponiya elchixonasi, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, O'zbekiston-Yaponiya markazi va Toshkentdagi Yapon choyi marosimini o'rganish jamiyati tomonidan tashkil etildi.
Bon-odori — Obon bayramida ijro etiladigan an'anaviy yapon raqsi bo'lib, ajdodlarga minnatdorchilik bildirish ramzidir. Ushbu raqs bu bayram uchun maxsus qurilgan yagura (“minora”) deb nomlangan baland yog'och qurulma atrofida aylanib raqsga tushishdir.
Yagura, shuningdek, musiqachilar va qo'shiqchilar uchun sahna sifatida xizmat qiladi. Raqqoslar yagura atrofida soat yo'nalishi bo'yicha yoki soat yo'nalishiga teskari harakat qilishlari mumkin. Ba'zi raqslarda yo'nalish o'zgarishi mumkin, garchi u odatda doimiy bo'ladi.
“Furoshiki” an'anaviy yapon ro'mollari ko'rgazmasi va Bon-odori raqsini namoyishidan tashqari, ishtirokchilar uchun yapon muzqaymog'i (Kakigoori) va yapon choyi, Origami, Kendama (an'anaviy yapon o'yini), xattotlik va Yukata (yozgi engil kimono) kiyinish bo'yicha mahorat darslari tashkil qilindi.