Maʼlum boʻlishicha, muqaddam soliq idoralarida faoliyat yuritgan, hozirda transport va logistika xizmatlari koʻrsatuvchi xususiy korxonada hisobchi boʻlib ishlayotgan shaxs oʻzining sobiq hamkasblari orqali boʻyoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJga 17 milliard soʻmlik QQSning manfiy farq summasini qaytarish hamda toʻxtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berish evaziga 35 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda u korxona taʼsischisidan 20 500 AQSH dollari olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan hisobchi va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida u ushbu “yordamini” Soliq qoʻmitasining katta inspektori orqali amalga oshirishni rejalashtirgani maʼlum boʻldi. Mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etildi.








