DXXning xabariga koʻra, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining Yunusobod tuman boʻlimi profilaktika inspektori Olmazor tumanida joylashgan xususiy klinikaga oid masalada vakolatli hamkasblari orqali ijobiy xulosa chiqarib berishni vaʼda qilgan. Shu maqsadda u joriy yilning fevral oyida MCHJ rahbaridan 6,5 million soʻm olgan.
Biroq inspektor turli bahonalar bilan vaʼdasini bajarmasdan kelgan. Natijada fuqaro undan berilgan mablagʻni qaytarishni talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida inspektor avval olgan pullarini qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Fuqarolardan shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish soʻraladi. Murojaat etuvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.