2021-yil 16-avgust kuni soat 14:00 da Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida turnirning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Ushbu tadbirda yurtimiz faxri, 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Georgiy Agzamov xotirasiga bagʻishlangan anʼanaviy xalqaro shaxmat turnirida 12 ta mamlakat, jumladan Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Afgʻoniston, Eron, Falastin, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus hamda yurtimizdan 150 nafarga yaqin shaxmatchi va hakamlar ishtirok etadi.
Musobaqada 1800 va undan yuqori reytingga ega shaxmatchilar asosiy “A” guruhida hamda 1800 reytingdan past boʻlgan ishtirokchilar “B” guruhida gʻoliblik uchun dona surishadi. Turnirning umumiy sovrin jamgʻarmasi 25 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Musobaqaning bosh hakami vazifasini xalqaro toifadagi hakam Husan Turdialiyev bajaradi. U FIDEning Markaziy Osiyo mintaqasi prezidenti sanaladi.
H.Turdialiyev shaxmat boʻyicha sakkiz marta jahon chempionati, FIDE Jahon chempionati, rapid va blits boʻyicha jahon chempionatida hakamlik qilgan, FIDE Gran-prisi hakami, shuningdek, 2014-yilda Sochi shahrida boʻlib oʻtgan Karlsen – Anand oʻyini bosh hakami.
Xalqaro turnirda ishtirokchilar xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi va FIDE toifasidagi sport ustasi unvonlari uchun kurashadi.
Shaxmat turniri oʻyinlarining jonli efirlarini ushbu havola orqali koʻrish mumkin http://uzchess.uz
Maʼlumot oʻrnida:
Georgiy Agzamov – oʻzbekistonlik shaxmatchi, 1984-yilda xalqaro grossmeysterlik talabini bajargan nafaqat Oʻzbekiston, balki Oʻrta Osiyoning birinchi grossmeysteridir.
Yoshligidan Georgiy turli xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Sportchimiz shaxmat olamining yetuk namoyondalari boʻlmish Tigran Petrosyan, Boris Spasskiy, Lev Polugayevskiy, Mark Taymanov, Viktor Kupreichik, Mixail Tal va boshqalar bilan munosib kurash olib borgan. Unga xalqaro grossmeyster unvoni 1984-yilda Saloniki shahrida oʻtkazilgan FIDE Kongressida topshirilgan.
1986-yil 27-avgust… Georgiy Agzamovning hayoti fojiali tarzda yakun topdi: sobir Ittifoq chempionatining yarim finaliga kelgan 31 yoshli grossmeyster Sevastopol atrofida kechki sayrga chiqadi va qoqilib ketishi natijasida daraga qulab tushadi va vafot etadi.