Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tumanning IIO FMB xodimlari tomonidan oʻzlarining xatti-harakatlari bilan shubha uygʻotgan ikki shaxs toʻxtatildi. 2004-yilda tugʻilgan B. va uning tanishi, voyaga yetmagan 2008-yilda tugʻilgan A. xolislar ishtirokida tekshirildi.
Tekshirish natijasida birining yonidan 5 dona, ikkinchisining yonidan 10 dona sellofan paketchalarga oʻralgan oʻtkir hidli moddalar topildi. Suhbat jarayonida ular xuddi shunday 5 dona paketchalarni “buyurtma” boʻyicha joylashtirganligini maʼlum qilishdi va xufyona manzilni koʻrsatib berishdi. Shuningdek, ular tanishi S.ning ham uyida shunday moddalar borligini maʼlum qilishdi. S.ning xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, u 10 dona giyohvandlik moddalari solingan paketchalarni topshirdi.
Oylik doirasida yana bir giyohvandlik moddasini tarqatuvchi shaxs ushlandi. Poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB xodimlari tomonidan 2005-yilda tugʻilgan A. Oʻzini shubhali tutganligi sababli toʻxtatilib tekshirilganda, uning yonidan 19 dona qadoqlangan: polietilen paketlarga solinib, izolenta bilan oʻralgan qizgʻish-jigarrang, oʻtkir hidli ashyolar xolislar ishtirokida olindi. Shu yerning oʻzida u koʻchaning xilvat joyiga joylashtirgan 1 dona xuddi shunday modda yashirilgan xufiyona manzilni koʻrsatib berdi.
Yuqorida qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish”) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan, tergov harakatlari davom etmoqda.