Toshkentda giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi “zakladchik” ushlandi

    Toshkent shahrining Olmazor tumanida giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi 24 yoshli “zakladchik” tegishli tartibda qoʻlga olindi.

    Bu haqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Ichki ishlar organi xodimlari xizmat vaqtini oʻtayotganda Toshkent shahrining Olmazor tumanida yarim tunda tashlandiq joyda tentirayotgan yigit ularning eʼtiborini tortgan.

    Hodimlarning tekshiruvida uning yonidan sariq “izolenta”ga oʻralgan, oq kukunsimon modda topilgan. Yigitning yoshi soʻralganda 24 yoshda ekanligi, unga bu ish moʻmay daromad evaziga Instagram ijtimoiy tarmogʻida taklif qilingani maʼlum boʻlgan.

    — Menga u oʻzini kurator deb tanishtirdi. Manzilni tashladi va mahsulotni borib olasan dedi. Shundan soʻng sariq “izolenta”ga oʻrashimni aytdi. Belgilangan joyga borib, yerga ekishimni aytdi. Faqat ikkitasini ekishga ulgurdim, — deydi gumonlanuvchi yigit.

    Hozirda, mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi(Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismiga koʻra jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.