Suv sepish qanday qilib havo ifloslanishini kamaytiradi?

Shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri — yoʻl qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlashdir. Bu usul ilmiy asosga ega boʻlib, dunyoning koʻplab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan davrlarda qoʻllaniladi.

Shu sababli, Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan yoʻl qoplamasiga suv sepish va yashil hududlarni sugʻorish choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, bu yilgi favvoralar mavsumi tugagan boʻlishiga qaramay, poytaxtdagi barcha favvoralar hamda mikroiqlim qurilmalari ishga tushirilmoqda.

Nega bu usul samarali?

  • Chang zarralarini kamaytirish. Havo ifloslanishining asosiy manbai — PM10 va PM2.5 oʻlchamdagi mayda chang zarralaridir. Yoʻl namlanganda ushbu mayda zarrachalar suv bilan aralashib, yerga choʻkadi va atmosferaga qayta koʻtarilib ketishining oldi olinadi.
  • Ikkinchi darajali changlanishni kamaytirish. Avtomobillar harakatlanayotganda yoʻl yuzasidagi quruq chang doim koʻtarib turadi. Namlangan yoʻl esa “ikkilamchi changlanish”ni sezilarli kamaytiradi. Xalqaro tadqiqotlarga koʻra, bu koʻrsatkich shahar PM chiqindilarining 25–40% ini tashkil qilishi mumkin.
  • Mikroiqlimni sovitish. Yoʻllarga suv sepish va yashil zonalarning sugʻorilishi haroratni pasaytiradi. Yuqori haroratda chang havoda uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy reaksiyalari tezlashadi. Namlash esa bu jarayonni sekinlashtiradi va zarrachalarning tezroq choʻkishini taʼminlaydi.
  • Yashillikni qoʻllab-quvvatlash. Ifloslanishning yuqori davrlarida daraxt va butalarni sugʻorish — faqat parvarish emas, balki shahar tabiiy filtrlarini qoʻllab-quvvatlashdir. Oʻsimliklar changni barglari orqali ushlab, havodagi PM miqdorini kamaytiradi.

Yoʻllarga suv sepish muammoni butunlay hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytiradigan tezkor chora hisoblanadi.

Shu sababli, hokimiyat tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan bir qatorda:

  • issiqxona xoʻjaliklarida reydlar oʻtkazish,
  • qozonxonalarga filtrlar oʻrnatish,
  • ekologik nazoratni kuchaytirish choralari koʻrilmoqda.

Yoʻllarga suv sepish ham shaharda havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismidir.