Mazkur madaniy tadbir Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan tashkil etildi.
Tadbir doirasida hind kino ijodkorlari tomonidan yaratilgan o‘nga yaqin filmlar namoyishi rejalashtirilgan. Jumladan, "Dangal", "Dear Zindagi", "Tanvi The Great", "Kathal: A Jackfruit Mystery" va "Tanu Weds Manu" kabi mashhur filmlar tomoshabinlarga taqdim etilmoqda.
Tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, namoyish etilayotgan filmlar ayollarning jamiyatdagi o‘rni, ularning matonati va kuchini ulug‘lash g‘oyasiga bag‘ishlangan. Shu munosabat bilan O‘zbekistondagi taniqli sportchi qizlarga Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Kinematografiya agentligi direktorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — axborot xizmati raxbari Sayfulla Rajabov agentlik bilan Hindiston elchixonasi o‘rtasida navbatdagi tadbir o‘tkazilayotganligini malum qildi.
— O‘tgan yili ham aynan shu yerda — O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Hind kinosi kunlari”ni mashhur ijodkorlar va aktyorlar ishtirokida o‘tkazgan edik. Bu yil ham an’anaga muvofiq, Hindiston elchixonasi va Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan “Ayollarga ehtirom” mavzusida navbatdagi Hind kino kunlari tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarimizning kino san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdir, — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, tadbirni moliyalashtirish ishlari Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi esa tashkiliy va texnik masalalarni o‘z zimmasiga olgan.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant tadbir doirasidagi filmlar mazmuniga ham to‘xtalib o‘tdi.
— Bugun biz Dangal filmini namoyish etdik. U ayol kurashchilari haqida bo‘lib, gender stereotiplariga qarshi kurashib, Hindiston uchun oltin medal yutishga intiladigan qizlar haqida hikoya qiladi. Bu juda ilhomlantiruvchi asar bo‘lib, jamiyatdagi muammolar va qiyinchiliklar haqida ochiq muloqot qilishga undaydi, — dedi elchi.
Tadbir yana ikki kun davom etadi va kino ixlosmandlari uchun bir qator filmlar namoyishi rejalashtirilgan.
Filmlar namoyishi dasturi:
· 13-mart, 14:30 – "Dangal" (sport dramasi)
· 14-mart, 11:00 – “Hayot qadri” (drama)
· 14-mart, 15:00 – "Tanvi The Great" (drama)
· 15-mart, 11:00 – "Kathal: A Jackfruit Mystery" (satirik komediya)
· 15-mart, 15:00 – "Tanu Weds Manu" (romantik komediya)
Tashkilotchilar barcha kino muxlislarini O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyiga taklif etib, mazkur madaniy tadbirda ishtirok etishga chaqirmoqda. Bu kabi kino namoyishlari nafaqat tomoshabinlarning madaniy dunyoqarashini boyitadi, balki turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Madina Botirjonova