Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining matbuot xizmatlari rahbarlari, shuningdek, soha boʻyicha mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Seminar doirasida axborot siyosati va kommunikatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, feyk xabarlar va axborot xurujlariga qarshi turish, inqirozli kommunikatsiyani tashkil etish hamda zamonaviy PR texnologiyalari, raqamli media va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, sifatli kontent yaratish masalalari muhokama qilinmoqda.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov seminar ochilishida qatnashib, axborot xizmati sohasida hali tizimli kamchiliklar mavjudligini aytdi.
U matbuot kotiblarining maqomi va masʼuliyatini sezilarli darajada oshirilgani, faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, sohada hali tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotgani, ishda yetarli darajada tezkorlik, tahliliy yondashuv va kreativlik yetishmayotganini qayd etdi.
Ommaviy axborot vositalari bilan doimiy hamkorlikda ishlash, har qanday vaziyatda ularning savollariga ochiq boʻlish va oʻz vaqtida ularga javob qaytarish birinchi darajadagi vazifa boʻlishi lozimligini alohida taʼkidladi.
Sherzod Asadov hamkasblarini faol va tashabbuskor boʻlishga, doimiy ravishda bilim va koʻnikmalarini oshirib borishga, masʼuliyat, ogohlik va yuqori professionallikni namoyon etishga, zamonaviy texnologiyalar asosida va ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishga chaqirdi.
«Ishonchim komilki, bu oʻquv-amaliy seminar axborot xizmatlari rahbarlari uchun tajriba almashish, malaka oshirish va faoliyatni yangi bosqichga koʻtarishda muhim maydon boʻlib xizmat qiladi», — deya fikr bildirgan Sherzod Asadov.








