Toshkentda “Hunarmandchilik koʻrgazmasi” festivali boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 27 Sentabr 2024 585

    Joriy yil 26-sentyabrda “Suzuk Ota” majmuasi Hunarmandlar mahallasida “Hunarmandchilik koʻrgazmasi” festivali oʻtkazildi.

    Turizm qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi koʻmagida tashkil etilgan festivalga tashrif buyurgan mingga yaqin yurtimiz aholisi va xorijiy mehmonlar kulolchilik, zargarlik, pichoqchilik, gilamdoʻzlik, doʻppidoʻzlik, kashtachilik va toʻqimachilik kabi hunarmandchilik yoʻnalishlarida faoliyat koʻrsatayotgan mohir ustalarning ijodiy ishlari, qoʻl mehnati namunalari bilan tanishdilar.

    Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S.Niyazov bugungi kunda yurtimizning hunarmandchiligi, ishlab chiqarish hamda milliy hunarmandchilik maktabi mavjudligi keng jamoatchilikni, xorijiy mehmonlarni oʻziga jalb etishidagi katta omil ekanligini taʼkidladi.

    Shuningdek, yurtimizda sayyohlar sonini ortishida Hunarmandlar, milliy ishlab chiqaruvchilar va koʻplab tashkilotlarimizning hissalari katta ekanligi taʼkidlandi.

    Ularning saʼy harakati natijasida poytaxtimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2 million 098 ming nafarni hamda mahalliy sayyohlar soni 3 million 600 ming nafarni tashkil etishi eʼtirof etildi.

    Shuningdek, koʻrgazma doirasida hunarmandlarning mahorat darslari, madaniy-koʻngilochar tadbirlar, konsert dasturlari ham oʻtkazildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.