Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi rasmiy sahifasida qayt etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab haydovchilardan avtomototransport vositasini boshqarish uchun notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma, texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga, yaʼni qoraytirishga ruxsatnoma elektron shaklga oʻtkazish orqali mazkur hujjatlarni avtomototransport vositasi haydovchisidan talab etish tartibi bekor qilinishi belgilab qoʻyildi.
Yuqoridagi topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida, Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan “e-Protokol” axborot tizimi takomillashtirilib, yoʻl patrul xodimlariga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan planshetlar yordamida “ID karta”ni oʻqish orqali fuqaroning egaligida mavjud boʻlgan avtotransport vositalari, notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma, texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga, yaʼni qoraytirishga ruxsatnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.
2021-yil 19-maydan boshlab “ID karta”lari mavjud boʻlgan notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma, texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga, yaʼni qoraytirishga ruxsatnoma ID karta yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etildi.
“ID karta” orqali tekshirilganda, maʼlumotlar aniqlanmagan yoki tizimda uzilishlar boʻlgan holatlarda barcha haydovchilardan inspektorga ushbu hujjatlarni aslini taqdim etishilarini, shuningdek, vaziyatni toʻgʻri tushunishlarini soʻrab qolamiz.