Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar Sh.T. va D.T. fuqaro A.A.ga jami 10 quti “TAWON LIAR” nomli dori vositasini 2,2 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ularning “Spark” rusumli avtotransport vositasi yuk xonasidan 13 turdagi jami 1 482 dona inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.