Joriy yil aprel oyida Toshkentda maktabdan qaytayotgan qizga bir yigit tashlangani haqida video tarqalgandi. Holat 19-aprel kuni Mirobod tumani Inoqobot koʻchasida sodir boʻlgan. Jabrlanuvchi qiz tumandagi maktablardan birining 11-sinf oʻquvchisi boʻlgan.

https://t.me/POLICE_UZ/4928

Oliy sud matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat yuzasidan sud jarayonlari yakunlandi

Unga koʻra, bugun jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida O.O. (1997-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan, ishsiz, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining raisi S.Sodiqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq O.O. Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi (nomusga tegishga suiqasd qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtash belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining appelyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest kiritishga haqliligi maʼlum qilindi.