Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning yangi ochiq tashqi siyosiy strategiyasi doirasida ilgari surildi. Ushbu g‘oya Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish orqali mintaqamiz bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-sivilizatsion yo‘nalishlarda tarixan chambarchas bog‘liq bo’lgan hudud - Janubiy Osiyoga chiqishni nazarda tutadi.

Mazkur konferensiya transport-logistika, energetika, savdo, ishlab chiqarish, investitsiya, texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda “Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo” formatidagi o‘zaro manfaatli strategik aloqa modelini ko‘p tomonlama muhokama qilish uchun siyosiy va ekspertlar maydonini shakllantirishga mo‘ljallangan.

Tadbir ochilish marosimi, bitta yalpi majlis, uchta seksion yig‘ilish va yakuniy qismdan iborat bo‘ladi. Konferensiyada 40 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 250 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi.

15-iyul kuni soat 15:00 dan 16:30 gacha Toshkentda Markaziy Osiyo Xalqaro Institutining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Institutning ochilish marosimida Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari va mutaxassislari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

16-iyul kuni konferensiya ishi “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik” mavzusidagi yalpi majlis bilan boshlanadi. Tadbir mobaynida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning murojaati, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutqi, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, xalqaro moliya tashkilotlari boshliqlarining chiqishlari rejalashtirilgan. Majlis doirasida Markaziy va Janubiy Osiyodagi mintaqalararo hamkorlikning holati va rivojlanish istiqbollari, o‘zaro aloqalarning muvaffaqiyatli namunalari, ikki mintaqani o‘zaro bog‘lashga xizmat qiluvchi istiqbolli infratuzilma loyihalari ko‘rib chiqiladi.

“Barqaror o‘sishga xizmat qiluvchi savdo va transport aloqasi” nomi ostidagi birinchi seksion yig‘ilishda quyidagi masalalar muhokama qilinadi:

- mintaqalararo aloqani kuchaytirish asnosida Markaziy va Janubiy Osiyo iqtisodiyotini modernizatsiya qilish istiqbollari;

- Markaziy va Janubiy Osiyoda transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari, shu jumladan mavjud transport koridorlarini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish;

- xorijiy hamda xalqaro moliya va investitsiya institutlari bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va boshqa masalalar;

“Madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida” mavzusidagi ikkinchi seksiyada quyidagilar ko‘rib chiqiladi:

- Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish sohasidagi hamkorlik; - ta‘lim, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash, fan va texnika, ekologiya, turizm sohalaridagi o‘zaro faoliyat.

“Mintaqaviy xavfsizlik. Qarshiliklar va tahdidlar” mavzusiga bag‘ishlangan uchinchi seksiyada yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashda, shuningdek, transchegaraviy infratuzilmalar xavfsizligini ta’minlashda mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga e’tibor qaratiladi.