Bu haqda DXX xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Tezkor qidiruv harakatlari davom ettirilib, “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” davlat muassasasi mutaxassislari ishtirokida tadbirkorning Toshkent shahri va viloyatidagi ikkita omborxonasi koʻzdan kechirildi.

Natijada, omborlarda umumiy qiymati qariyb 2 mlrd soʻmni tashkil etuvchi, 216 turdagi 1414 quti yaroqlilik muddati oʻtgan hamda xorijdan noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan 28 turdagi 322 quti kontrafakt mahsulotlar borligi aniqlanib, belgilangan tartibda olib qoʻyildi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, sifatsiz va muddati oʻtgan tibbiy reagentlardan foydalanish laboratoriya tekshiruvlarida xatoliklarga, bemorlarga notoʻgʻri tashxis qoʻyilishiga va natijada notoʻgʻri davolash muolajalari tufayli ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Hozirda mazkur tibbiy vositalar yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan boʻlib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.