Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi restoranlarning birida ommaviy zaharlanish yuz bergani va jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Canitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 6-8-sentyabr kunlari poytaxtimizda ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar shaxslar, shulardan 22 nafari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, ularning barchasi 2024-yilning 5-sentyabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani Niyozbek yoʻli koʻchasi, 2-uy 2-A-xonadonda joylashgan MCHJ “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni isteʼmol qilgani maʼlum boʻldi.
Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12-sentyabr 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uylariga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilyapti. Ayni paytda barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda.
Bugungi kunga kelib, Sanepidqoʻmning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Muhteshem doner” kafesi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Isteʼmol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga koʻra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi isteʼmol qilgan mahsulot) sabab boʻlgan boʻlishi mumkin, degan xulosaga kelinmoqda.