Toshkentda oʻtkazilgan “IT Park Rewind 2022” tadbirida mGovAward tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

    Voqea-hodisalar 26 Iyul 2022 2414

    Joriy yil 24-iyulda “Astrum” IT akademiyasida “IT Park Rewind 2022” tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri devoni vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, hamkorlar va rezidentlar ishtirok etdi.

    “IT Park Rewind 2022” koʻrgazmasini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov oʻzining tabrik soʻzi bilan ochib berdi.

    U soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonning AKT sohasi ulkan oʻzgarishlarni boshidan kechirganini taʼkidlab, sohaning jadal rivojlanishida IT Parkning oʻrni yuksakligini taʼkidladi.

    AKT vaziri bugungi kunda har qanday davlat farovonligining yuksalishi bevosita inson kapitaliga, mamlakat ichida shaxsning oʻzini oʻzi anglash imkoniyatlariga bogʻliqligini taʼkidladi. Yoshlar oʻz iqtidorlarini roʻyobga chiqarishi va namoyon etishlari uchun “Bir million oʻzbek dasturchilari” hamda mGovAward Respublika tanlovlari katta imkoniyat eshigini ochganini aytib oʻtdi.

    Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasi doirasida hozirda 2,5 milliondan ortiq oʻzbekistonlik oʻgʻil-qizlar maxsus onlayn portal yordamida raqamli koʻnikmalar va dasturlash asoslarini oʻrganyapti.

    Shuningdek, IT Park direktori oʻz chiqishida tadbir mehmonlariga tashkilotning soʻnggi uch yil davomida erishgan yutuqlari haqida soʻzlab berdi, shu bilan birga, BPO maktablari va BPO markazlari faoliyati, IT-autsorsing va IT-eksportning yanada jadal oʻsishda davom etayotganini aytib oʻtdi.

    Oʻz navbatida, “Plug and Play” korporativ hamkorlik va biznesni rivojlantirish boʻyicha menejeri Feliks Lammers oʻz chiqishida Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasi ochilganini eʼlon qildi. Shuningdek, kompaniya vakillari dunyodagi eng yirik startap akseleratori faoliyati, ularga sarmoya kiritish uchun startaplarni tanlash jarayoni, Oʻzbekistonda venchur investitsiya bozorini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida soʻzlab berdi.

    Konferensiya doirasida mGovAward tanlovi gʻoliblarini taqdirlash va IT Park mukofotlarini topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

    mGovAward yosh gʻoliblarini AKT vaziri Sherzod Shermatov va BAA davlat xizmatlari sektori rahbari Muhammad Bin Talya topshirdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Tanlov hakamlar hayʼati qarori bilan gʻoliblar eʼlon qilindi:

    1-oʻrin – “Tahrirchi” loyihasi (taʼlim yoʻnalishi boʻyicha)

    2-oʻrin – “Ekoportal” loyihasi (ekologiya va yashil energiya)

    3-oʻrin — Lalu loyihasi (salomatlik).

    Shuningdek, quyidagi eng faol hamkorlar IT Park mukofotini qoʻlga kiritishdi:

    1. “Yilning eng yaxshi IT ish beruvchisi” nominatsiyasi – EPAM Systems

    2. “Yilning eng yaxshi IT eksportchisi” nominatsiyasi — WEBSALE-DISTRIBUTION

    3. “Ajoyib IT innovatori” nominatsiyasi – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)

    4. “IT-taʼlim boʻyicha eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasi – PDP IT-ACADEMY

    5. “IT-sanoat tarafdori” nominatsiyasi – Yuliya Yakovleva, Exadel Uzbekistan direktori.