27-mart kuni soat 16:00 da Toshkent shahridagi Gyote institutida oʻyin yaratish boʻyicha “GameDev Goethe” inkubatori ikkinchi mavsumining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Ochilish marosimi doirasida inkubator ishtirokchilari uchun Open Air tashkil etiladi.

GameDev Goethe — bu oʻyin yaratish boʻyicha Oʻzbekistondagi ilk inkubator. Loyihaning maqsadi — oʻyin oʻynashga qiziqadigan yoshlarga mushtarak fikrlarni topishda va oʻz oʻyinlarini yaratishda yordam berishdan iborat. Loyiha davomida oʻyinni yaratish sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan tajribali mutaxassislar tomonidan koʻmak koʻrsatiladi. Loyiha IT Park koʻmagida Toshkentdagi Gyote Instituti tomonidan tashkil etildi.

2020-yilda boʻlib oʻtgan inkubatorning birinchi mavsumiga kutilgandan koʻproq, yaʼni 550 ta ariza kelib tushdi. Arizalar qabul qilishni 15-fevralda boshlagan inkubatorning ikkinchi mavsumiga esa 700 dan ortiq ariza kelib tushdi.

GameDev Goethe inkubatori ikkinchi mavsumining ochilish marosimida ishtirokchilarga loyiha haqida batafsil maʼlumot berish va birinchi mavsum davomida yaratilgan mobil oʻyinlarni namoyish etish koʻzda tutilgan. Ochilish marosimi doirasida inkubator hamkori VRonica tomonidan yangi oʻyinning debyuti “Music of Mass Destruction” virtual reallik formatida boʻlib oʻtadi. Tashkilotchilar ishtirokchi va marosim mehmonlarning bir-birlari bilan tanishishlari va oʻzaro muloqot qilishlari uchun yoqimli muhit yaratishni oʻz zimmalariga oladilar, deb xabar beradi IT Park matbuot xizmati.