Xorijiy delegatsiyaga Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari E.Orazgeldiyev, Oʻzbekiston delegatsiyasiga esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchilik qildi.
Tadbirda asosiy vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va assotsiatsiyalari, savdo — sanoat palatalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari, jami 100 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʻz chiqishlarida ikki Davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli erishilgan Oʻzbekiston-Turkmaniston iqtisodiy hamkorligi rivojlanishining jadal surʼatlarini qayd etdilar. Jumladan, soʻnggi bir necha yil ichida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 3 barobar oshdi va barqaror oʻsishda davom etmoqda. Joriy yilning dastlabki 8 oyida pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy taʼsiriga qaramasdan oʻzaro savdo hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 25% oʻsishni koʻrsatdi.
E.Orazgeldiyev Turkmaniston qishloq va suv xoʻjaligi, sanoat, energetika, savdo, transport va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotganini taʼkidladi. Sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalar va ikki davlatni bogʻlovchi transport-logistika yoʻnalishlarini rivojlantirish sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari qayd etildi.
Oʻzbekiston tomoni ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ishga solinmagan salohiyatidan toʻliq foydalanish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotlarining mavjud resurslari va imkoniyatlarini safarbar qilish dolzarbligini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro manfaatli savdo bitimlarini tuzishni koʻzlagan holda, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha birgalikda samarali ishlarni olib borishga doir muntazam muloqot oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotlarining qiyosiy afzalliklarini hisobga olgan holda ikki mamlakat hududida qoʻshma korxonalar tashkil etish hamda uzluksiz qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yoʻnalishda avtomobilsozlik, elektrotexnika va charm-poyabzal sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda boshqa tarmoqlarda erishilgan muvaffaqiyatlar qayd etildi.
Delegatsiyalar rahbarlari soʻzlarining yakunida forum ishtirokchilarini qoʻshma loyihalar va savdo bitimlarini amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Forum davomida ikki mamlakat turli tarmoqlarining investitsiyaviy, sanoat va savdo salohiyatini ochib beruvchi taqdimotlar oʻtkazildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Made in Uzbekistan” sanoat koʻrgazmasiga tashrif buyurib, unda oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari bilan tanishish imkoniga ega boʻldilar. Bundan tashqari, ikki mamlakat tadbirkorlari bir qator V2V uchrashuvlarini oʻtkazib, hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va istiqbolli sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Forum yakunida qishloq xoʻjaligi, kimyo, toʻqimachilik, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, vinochilik, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.