Bugun Bojxona qoʻmitasida Rossiya Federal bojxona xizmat rahbari V.Pikalyov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan qoʻmita Raisi A.Mavlonov Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston-Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini, bu esa bojxona sohasidagi oʻzaro hamkorlikka ham ijobiy va harakatlantiruvchi taʼsir etayotganini qayd etdi.
Ikki tomonlama uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida tashqi savdo yuklari uchun joriy qilingan «Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagi« tamoyilini yanada takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tomonlar bir-birlarining vakolatli iqtisodiy operatorlari uchun nazarda tutilgan qulayliklar va yengilliklarni keng miqyosda tatbiq etish, bojxona laboratoriyalari tomonidan oʻtkaziladigan ekspertiza jarayonlarini metodologik jihatdan muvofiqlashtirish, kinologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdi.
Rossiya bojxona xizmati delegatsiyasi 2023-yilning 29-avgustida shaxsan Davlatimiz Rahbarining Bojxona qoʻmitasiga tashrifi chogʻida ishga tushirilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Oʻzbekistonda bojxona organlari faoliyatini raqamlashtirish va tartibotlarni soddalashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yilning 2-dekabrida Samarqand shahrida ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari Oʻzbekiston va Rossiyada bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisida bitim imzolashgan edi.
Mazkur bitim amalga oshib, hozirda Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasining Rossiyadagi vakili oʻz faoliyatini muvaffaqiyatli tarzda davom ettirmoqda.
Rossiya Federal bojxona xizmati delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.