T.Narbayeva oʻz nutqida ulgʻayib borayotgan avlod manfaatlari yoʻlida birgalikda ishlarni davom ettirish muhimligini taʼkidladi.
Tadbir davomida oʻttiz yillik hamkorlik davomida bolalarning hayot sifatini yaxshilash, taʼlim va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, ularni zoʻravonlik va kamsitishning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan koʻplab loyihalar amalga oshirilgani taʼkidlandi.
(UNIСEF kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun texnik yordam va resurslar taqdim etish orqali Oʻzbekistonning bolalar uchun qulay muhit yaratish borasidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynaydi. Bu hamkorlik mamlakatimizda bolalar huquqlari sohasida xalqaro standartlarni ilgari surish, shu jumladan, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini hayotga tatbiq etishda muhim omil boʻldi.
Oʻzbekistonda koʻp yillardan buyon yosh avlodning kamol topishi uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha tizimli ishlar olib borilyapti. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinyapti.
Bolalarning huquq va manfaatlarini taʼminlashning huquqiy va institutsional asoslari izchil takomillashtirilyapti. Soʻnggi yillarda yosh avlodni himoya qilish, ularning farovonligini taʼminlash va barkamol rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qator muhim qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
2024-yil noyabr oyida Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. Bu bolalar huquqlarini himoya qilish milliy tizimini mustahkamlashda muhim bosqich boʻldi. Ushbu hujjat zoʻravonlikning barcha shakllarini taqiqlaydi va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutadi.
Respublikada inklyuziv taʼlim tizimi ham faol rivojlanyapti, sogʻliqni saqlash, bolalarni ijtimoiy himoya qilish va oʻqitish sohasida keng koʻlamli dasturlar amalga oshirilyapti.
(UNIСEF bilan hamkorlik sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, taʼlim kabi boshqa muhim yoʻnalishlarda davom ettiriladi.