Xabarda aytilishicha, oldindan kuzatuvga olingan Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektorining xizmat xonadoni koʻzdan kechirildi. Natijada inspektor ushbu xonadonda narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlandi.
U yerdan oʻrami bilan jami 10 kg 500 gr “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari, shuningdek, giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan 588 gr suyuqlik, asbob-uskunalar va elektron tarozi borligi maʼlum boʻlib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, profilaktika inspektorining Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi doimiy yashash xonadoni tekshirilganda, yerga koʻmib yashirib qoʻyilgan, taxminiy ogʻirligi 430 gr boʻlgan “Alfa-PVP” narkotik moddasi borligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, ichki ishlar xodimi “Telegram” messenjeri orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi profil egasi topshirigʻi asosida, narkokurerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga olib kelingan moddalarni qabul qilib olib, yashirin laboratoriya sharoitida ajal ogʻusini tayyorlab, tarqatish bilan shugʻullangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Angren shahar ichki ishlar boʻlimi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa narkotik moddalarni “zakladka” usulida tarqatib, sotish bilan shugʻullanib kelayotgan, Angren shahrida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining 2001-yilda tugʻilgan jinoiy sherigidan 971 gr “Katinon” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ularning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi.
Muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan mazkur 25 yoshli shaxs qabul qilib olgan ajal ogʻusini kelgusida kichik boʻlaklarga taqsimlab, sotish orqali moʻmay daromad topishni rejalashtirgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, qonunchilikka muvofiq, har ikki holat boʻyicha ham gumondorlarga nisbatan 10-yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.