Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogi bahslari yakunlandi

    Kecha poytaxtimizda qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogi bahslari yakunlandi.

    Miliy Olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, bahslarda Italiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Gretsiya, Ozarbayjon, AQSH, Germaniya, Vengriya, O‘zbekiston kabi 20 ta davlat vakillari qatnashdi.

    Ilk kungi saralash bahslarida sportchilarimiz Zaynab Dayibekova hamda Fernanda Errera keyingi bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kirita oldi. Dastlab, Zaynab Dayibekova ukrainalik raqibasi ustidan 15:10 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo Fernanda turkiyalik raqibasiga imkoniyatni boy berdi. Zaynabning 1/16 finaldagi raqibasi gretsiyalik Teodoro Gkuntora bo‘ldi. Hamyurtimiz qanchalik tirishmasin Teodoroga imkoniyatni boy berdi: 12:15. Bu natija bilan yakkalik bahslari nihoyasiga yetdi.

    Jamoaviy bahslarda terma jamoamiz aʼzolari Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Paolo Pliyego va Aysuluv Usnatdinova mamlakatimiz sharafini himoya qildi. Gretsiyalik tengdoshlariga qarshi uchrashuvda qizlarimiz matonat va mahorat ko‘rsata oldi. 45:38 hisobida g‘alaba qozongan sportchilarimiz chorak finalga chiqish uchun vengriyalik sportchilar bilan bahsga kirishdi. Chorak finalga chiqish uchun bo‘lgan harakat o‘zini oqlamadi: O‘zbekiston-Vengriya 29:45.

    Hamyurtlarimiz 9-o‘rin uchun bo‘lgan janglarda garchi Yaponiya, Ruminiya jamoalarini taslim etgan bo‘lsada, ispaniyalik sablyachi qizlarga imkoniyatni boy berdi. Natijada, Jahon kubogida 10-o‘rin bilan cheklandi.

    Sablya bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon kubogida birinchi o‘rin Bolgariya terma jamoasiga nasib qildi. Ikkinchi o‘rinni Ozarbayjon va uchinchi o‘rinni Janubiy Koreya vakillari egalladi.