Shu munosabat bilan “Toshshahartransxizmat” AJ yoʻl harakati ishtirokchilarini murakkab ob-havo sharoitida ehtiyotkor boʻlishga chaqirdi.
Maʼlum qilinishicha, haydovchilardan zarurat boʻlmaganda shaxsiy transport vositalaridan, ayniqsa, qish mavsumiga moʻljallanmagan shinalarga ega avtomobillardan foydalanmaslik, harakat vaqtida belgilangan tezlik talablariga qatʼiy rioya qilish soʻralmoqda. Piyodalar esa yoʻlni kesib oʻtishda oʻta hushyor boʻlishlari lozimligi taʼkidlangan.
Shuningdek, tirbandliklarning oldini olish maqsadida aholiga jamoat transportlaridan foydalanish tavsiya etilgan.
Qayd etilishicha, noqulay ob-havo sharoiti sabab ayrim koʻcha-yoʻllarda avtotransport harakatida qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Bu esa baʼzi avtobus yoʻnalishlarida qatnov va oraliq interval vaqtlarining belgilangan muddatdan ortishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.