Yarmarkaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbariyati, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari, shuningdek, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Yarmarkada 3 185 ta sanoat va hududiy korxonalar qatnashmoqda hamda taqdim etilgan mahsulotlar assortimenti 5 169 ta tovar pozitsiyasini tashkil etadi.

Tadbirni ochar ekan, S.Umurzakov Oʻzbekistonda ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali sanoat salohiyatini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini va bu borada mamlakat hukumati samarali choralar koʻrayotganini taʼkidladi. Mazkur yarmarka ham ana shunday chora-tadbirlardan biri boʻlib, mahalliy tadbirkorlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni koʻpaytirish, mahalliy xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va ish oʻrinlari yaratishga qaratilgani qayd etildi.

Shu oʻrinda Elektron kooperatsiya portalining oʻrni alohida taʼkidlandi: joriy yilda oʻtkazilgan hududiy tarmoqlararo yarmarkalar davomida Portal orqali mahalliy sanoat mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha umumiy summasi 4 trillion soʻmdan ortiq 2,6 ming savdo shartnomalari tuzilgani maʼlum qilindi. Bundan tashqari, import oʻrnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga doir 973 ta investitsiya bitimi imzolandi.

Davlat rahbarining shu yil noyabr oyida qabul qilingan qaroriga muvofiq, Portal Raqamli transformatsiya markaziga aylantiriladi va uning vazifasi mahalliy tadbirkorlar va eksportchilar uchun yagona raqamli ekotizimni yaratish boʻladi. Ushbu ekotizimdan foydalanib, tadbirkorlar tashqi toʻlov xizmatlaridan, shuningdek, savdo operatsiyalari davomida toʻlov majburiyatlarining bajarilishini kafolatlaydigan “eskrou” mexanizmidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar. 2024-yilning 1-yanvarigacha ekotizimga integratsiya qilingan elektron tijorat platformalari uchun daromad soligʻi stavkasi ikki barobar kamayadi. Ushbu ekotizimning muhim tarkibiy qismi markazlashtirilgan logistika platformasi hisoblanadi. U orqali tadbirkorlar uchun ichki va tashqi bozorlarga mahsulotlarni yetkazib berishda mahalliy va xorijiy transport kompaniyalari xizmatlaridan foydalanish jarayoni osonlashadi.

Yarmarkaning oʻziga xos xususiyati nafaqat mahalliy korxonalar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish, balki mamlakatimizda xaridorgir import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalari sonini koʻpaytirishni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tadbirga tayyorgarlik koʻrish bosqichida Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarish obyektlarining import tarkibi chuqur tahlil qilindi. Tahlil natijalari asosida mamlakatda mahalliylashtirilishi kerak boʻlgan tovar pozitsiyalari belgilandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi tomonidan aniq texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar asosida investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqildi va ular tadbir davomida ishtirokchilarga taqdim etiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yarmarkaning dasturi alohida mavzularga bagʻishlangan tadbirlarga toʻla. Jumladan, 14-dekabr — yarmarkaning birinchi kunida foydali qazilmalarni qazib chiqarish, metallurgiya, geologiya va kimyo sanoati yoʻnalishlarida taqdimotlar tashkil etildi. Yengil sanoat, energetika, neft-gaz sohasi, innovatsiya va moliya sohalarida taqdimot va muzokaralar oʻtkazilishi 15-dekabrga moʻljallangan.

Yarmarka davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali mutaxassislari ishtirokchilar bilan faol hamkorlik qilib, boʻlajak hamkorlar bilan muloqotga kirishish hamda biznes munosabatlarining amaliy jihatlarini muhokama qilish uchun “B2B” shaklida muzokaralar tashkil etishga koʻmaklashmoqda.

Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi joriy yilning 18-dekabriga qadar davom etadi. Tadbirda ishtirok etish uchun ishlab chiqarish korxonalari, kichik va oʻrta biznes vakillari hamda xususiy tadbirkorlar taklif qilinadi.