Forumni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva kirish so'zi bilan ochar ekan, ShHT o'tgan 21 yil davomida uzoq evolyutsion yo'lni bosib o'tganini, mintaqada xavfsizlikni ta'minlash va barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish masalalarida samarali tuzilma sifatida o'zini namoyon qilganini, tashkilotning xalqaro maydondagi roli va o'rni ortib borayotanini alohida ta'kidlab o'tdi.
Forumning ochilishida, shuningdek, Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o'rinbosari, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo'yicha respublika komissiyasi raisi o'rinbosari Saida Mirziyoeva, ShHT bosh kotibi Сhjan Min va ShHTga a'zo davlatlarning tegishli vazirlik, idora, tashkilotlari rahbarlari nutq so'zladi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, ShHTga a'zo davlatlar hukumatlarining tashabbuslari, xotin-qizlar harakati va tashkilotlarining faol ishtiroki tufayli keyingi yillarda ShHT doirasida ayollar hamkorlik imkoniyatlari yanada kengaydi. Ularning faol muloqoti, shu jumladan, ShHT Xotin-qizlar forumi yo'lga qo'yildi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda ayollar teng huquqliligi, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi to'laqonli ishtiroki mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishi hamda ShHTga a'zo davlatlarda jamiyatni demokratlashtirish va barqarorlikni ta'minlashning muhim sharti sifatida qaralayotgani qayd etildi.
O'zbekistonda ham so'nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida bu boradagi sa'y-harakatlar yanada jadallashdi. Xususan, mamlakatda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Mazkur yo'nalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat e'tiboridan chetda qolmaydi” degan qat'iy tamoyil asosida barcha sohalarda tashkil etildi. Jumladan, 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar (2 ta qonun, 36 ta Prezident farmon va qarorlari hamda hukumat qarorlari) qabul qilindi. O'zbekiston BMT bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo davlatlari etakchi ayollari muloqoti” platformasini yo'lga qo'ydi. Natijada mintaqada xotin-qizlar o'rtasida hamkorlik aloqalari kuchaytirilib, chinakam do'stlik rishtalari o'rnatildi.
Ayni paytda forum o'z ishini beshta sessiyaga bo'linib davom ettirmoqda. Tadbir yakunida birgalikdagi sa'y-harakatlarni yanada faollashtirish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, o'zaro munosabatlarni kengaytirishda xotin-qizlar salohiyatini safarbar etish, mamlakatlar va xalqlar o'rtasidagi hamkorlik, ShHT makonida insonparvarlik g'oyalarini mustahkamlashga asos bo'luvchi qo'shma kommyunike qabul qilinadi.
Bahor Xidirova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri