Bu haqda Toshkent davlat tibbiyot universitetida Oʻzbekiston Respublikasi bosh nevrologi, professor Yoqutxon Majidova tashabbusi bilan “Sunʼiy intellekt nevrologiyada” mavzusida tashkil etilgan ilmiy konferensiya va master-klassda aytib oʻtildi. Tadbir Oʻzbekiston Nevrologlar assotsiatsiyasi hamkorligida oʻtkazildi.

Spikerlar nutqida sunʼiy intellektning tibbiyot va nevrologiya sohasidagi imkoniyatlari keng yoritildi. Akademik Konstantin Lyadov onkologik bemorlarni reabilitatsiya qilish masalasida maʼruza qilib, keksalar sogʻligʻini qoʻllab-quvvatlashda jismoniy mashgʻulot trenajyorlarining ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.

Professor Yoqutxon Majidova oʻz nutqida sunʼiy intellekt texnologiyalari insultdan keyingi reabilitatsiya jarayonida katta ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, raqamli texnologiyalar yordamida bemorlar uchun shaxsiylashtirilgan reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqish imkoniyati paydo boʻlmoqda.

“Reamed” klinikasi asoschisi Ravshan Mahmudov esa reabilitatsiyaning turli bosqichlarida zamonaviy texnologiyalar va individual yondashuvlardan foydalanish bemorlarning sogʻayish jarayonini ancha tezlashtirishini qayd etdi.