Toshkentda talabalarni turar joy bilan taʼminlash markazi tashkil etiladi

    Toshkent shahri boʻyicha 29 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan taʼminlash boʻyicha 60 ta markaz (shtab) tashkil etilishi rejalashtirilgan.

    Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, tashkil etiladigan markazlarda 200 nafardan ortiq koʻngilli lider yoshlardan iborat volontyor va tyutorlar talabalarni yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashishiga koʻmak beradi.

    Talabalikka tavsiya etilganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Talabalar turar joyi axborot tizimi”ga yuklandi va talabalardan yotoqxonaga joylashish boʻyicha yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali arizalar qabul qilinadi.

    Shuningdek, xususiy xonadonlarga joylashtiriladigan talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qoʻyiladi.