Soʻnggi yillarda poytaxtimizda ulkan oʻzgarishlar yuz bergani taʼkidlandi.
Oʻtgan toʻqqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi.
Shaharda tijorat maydonlari 14 karra koʻpayib, 67 million kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi.
Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va koʻngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tunu kun ishlaydigan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari soni 3 mingdan oshdi.
“Shahar piyodalar uchun” tamoyili asosida mahalla va koʻchalarda ijobiy oʻzgarishlarni odamlar kundalik hayotida sezayotganini oʻzlari aytmoqda. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yoʻnalish ochildi. Qoʻshimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.