O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu ekspertlar yig‘ilishida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Vengriya, Turkiy savdo-sanoat palatasi, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Kotibiyati va boshqa mamlakatlarning yetakchi tahlil markazlaridan 60 nafardan ortiq vakil ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar turkiy davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik istiqbollari, transport-kommunikasiyaning o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va savdo, innovasiya texnologiyalari va raqamli yechimlarni joriy etishda sheriklikni faollashtirish masalalarini muhokama qiladi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.
Forum dasturida TDT mamlakatlari tahlil markazlari o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning keyingi mexanizmlarini ishlab chiqish, tashkilot faoliyatini ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlash jarayonini chuqurlashtirishga qaratilgan Anglashuv memorandumini imzolash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz: tadbir 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan TDTning oliy darajadagi birinchi sammiti arafasida tashkil etildi. U turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi istiqbollarini ochishga xizmat qiladi. TDTning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasining qabul qilinishi davlat rahbarlari uchrashuvining muhim voqeasi bo‘ladi.