Toshkentda uylardan biri yaqinidagi kuzatuv kamerasiga giyohvand moddalarni qidirayotgan 28 kishi tushib qoldi

    Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar koʻchada yashirilgan narsalarni qidirib yurganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Mazkur videotasvir yuzasidan Toshkent shahar IIBB maʼlumot berdi.

    Aniqlanishicha, shu yilning 20-mart kuniga oʻtar kechasi taxminan soat 01.25 larda, 24-mart kuni taxminan soat 21.10 larda va 25-mart kuni taxminan soat 22.10 larda bir necha fuqaro Uchtepa tumani “Davlatobod” mahallasidagi xonadonlardan birining oldida narsalarni qidirib topgan.

    Olib borilgan oʻrganishlar jarayonida 28 nafar fuqaroning shaxsi aniqlangan. Ular oʻz koʻrsatmalarida shu hududda yashirilgan (“zakladka”) giyohvand moddalarni internet orqali berilgan lokatsiya yordamida qidirib topganini maʼlum qilishgan.

    Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.