Tadbirda tomonlar Vengriya kompaniyalarining ishlab chiqirish zanjiriga Oʻzbekiston korxonalarini qoʻshish, hamkorlikda savdo koʻrgazmalarini oʻtkazish masalalari, mamlakatimizdan xorijga mahsulot eksportini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Muzokalar chogʻida “Global Faktor Zrt.” kompaniyasi va “Sirdaryo Universal Oyna” MCHJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga koʻra, yil oxiriga qadar 33 million dona turli sigʻimdagi shisha idishlarni Vengriyaga eksport qilish rejalashtirildi.
Muloqotda, shuningdek, joriy yil oktyabr oyida Vengriyaning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanishga ixtisoslashgan 20 dan ortiq korxonasini jalb etgan holda Toshkentda Vengriya mahsulotlari koʻrgazmasini oʻtkazish hamda noyabr oyida Budapesht shahrida Oʻzbekistonning oziq-ovqat, toʻqimachilik va hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida Vengriyaning farmatsevtika, qurilish mahsulotlari, elektrotexnika, charm-poyabzal tarmoqlari yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan kompaniyalari va respublikamiz tadbirkorlari oʻrtasida aloqa oʻrnatish, ishbilarmon doiralar vakillarining oʻzaro safarlarini ishlab chiqish boʻyicha kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, “Global Faktor Zrt.” va “Urban” kompaniyalari moliyaviy xizmatlar koʻrsatish, loyihalarni moliyalashtirish hamda keng turdagi mahsulotlarni eksport va import qilish bilan shugʻullanadi.