“Lumiere Hotel&SPA” loyihasini amalga oshirish uchun 10 million dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilgan, buning 6 millionga yaqini “Asakabank” tomonidan moliyalashtirilgan.

Mehmonxona fransuzcha uslubda qurib jihozlangan boʻlib, kelgusida esa yana bir – inglizcha uslubdagi mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. “Lumiere Hotel&SPA” mehmonxonasi geografik nuqtayi nazardan qulay joyda, yaʼni Toshkent xalqaro aeroportidan 10 daqiqalik masofada joylashgan. Mehmonxona 61 nomerdan iborat boʻlib, bu yerda sayyohlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Har bir xona zamonaviy va qulay jihozlar, personal boshqaruvidagi konditsioner tizimi, IP-televideniyega ega televizor, yozuv stoli, garderob, mini-bar, dam olish zonasi va Wi-Fi bilan jihozlangan.

Yangi mehmonxona hududida bir vaqtning oʻzida 114 kishini oʻzida sigʻdira oluvchi “Lumiere” restorani, “Lobby Lounge” bari, “Centris Fit&Spa” fitnes klubi, zamonaviy anjumanlar zali hamda muzokaralar uchun zallar mavjud. “Lumiere Hotel&SPA” turli konferensiyalar, seminarlar va kongresslarni oʻtkazish uchun ham juda qulay.

Maʼlumot uchun shuni taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda 2022-yilning 1-yanvariga qadar foydalanishga topshirilgan mehmonxonalar uchun subsidiya olish imkoni mavjud. Subsidiya miqdori 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda har bir xona uchun — 40 million soʻm, 4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda har bir xona uchun 65 million soʻmni tashkil qiladi. Subsidiya ajratiladi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.