Toshkentda yangi deb olib kirilgan uskunalar 41 yil avval ishlab chiqarilgani fosh boʻldi

    Xavfsizlik 4 Fevral 2022 1873

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan uskunalar ishlab chiqarish uchun silindirsimon silliqlash mashinasi bojxona posti xodimlari tomonidan belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Bojxona koʻrigi hamda oʻtkazilgan tekshiruvlar yuk hujjatlarida “2019” yilda ishlab chiqarilgan deya koʻrsatilgan uskuna aslida undai yorliqda “1981” yilda ishlab chiqarilganligi, shuningdek, uning ustki qismidagi muqaddam foydalanishda boʻlganligini bildiruvchi zang, korroziya, qayta boʻyalganligik belgilari mavjudligi aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra qiymati 1 mlrd. 257 mln.soʻmlik uskunaga 150 mln. soʻm miqdorida qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.

    Bojxona postida fosh etilgan navbatdagi holatda 14 dona transformator”lar belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada qiymati 213,6 mln. soʻmni tashkil etuvchi transformatorlarning yorliqlarida 2020-yilda ishlab chiqarilgan deya koʻrsatilgan boʻlsada, aslida eski ekanligi yaʼni Sobiq Ittifoq davrida ishlab chiqarilganligi fosh boʻldi.

    Shunga oʻxshash navbatdagi holatda esa xorijdan keltirilgan 5 dona transformatorlar bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Qarangki, hujjatlarda “2020” yilda ishlab chiqarilgan deya koʻrsatilgan ushbu transformatorlar ham eski boʻlib chiqdi.

    Undagi kranlarning ulanmaganligi, qopqoqlarida plombalarning mavjud emasligi, rezina qistirmalarida yoriqlar mavjudligi, shuningdek ularning pasport yorliqlarida texnik koʻrsatkichlari mavjud emasligi ham buni koʻrsatib turibdi.

    Amaldagi tartiblarga koʻra, 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab ilgari foydalanilgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi D toifadagi energiya sarflovchi uskunalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deya xabar beradi Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.