Holatga Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 2 noyabr kuni 1999-yilda tug‘ilgan Islom M., 2000-yilda tug‘ilgan Akmal R. va 2005-yilda tug‘ilgan Fotix K. oldindan tanishi bo‘lgan 1993 yilda tug‘ilgan Daniyel A. bilan o‘zaro og‘zaki janjallashib qolgan. So‘ng shu kuni taxminan soat 21.00 larda ular Shayxontohur tumanidagi Daniyel M. istiqomat qilayotgan xonadonga turar joy daxlsizlgini buzib kirib, uni urib tan jarohati yetkazishgan.
Mazkur jarayonni 2005-yilda tug‘ilgan Fotix K. video tasvirga olgani, so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda layk yig‘ish maqsadida tarqatib yuborgani aytilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) va 142-moddasi (“Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.