“Toshshahartransxizmat” jamiyati axborot xizmati rahbari Muslima Obidovaning “Daryo”ga maʼlum qilishicha, avtobuslar xizmatidan foydalanishda yosh toifasini belgilash boʻyicha aniq yoʻriqnoma belgilanmagan.
“Koʻrinishga qarab aniqlanishi boʻyicha koʻrsatma berilgan. Agar qandaydir tushunmovchilik boʻlsa, oʻzini 30 yoshga toʻlmaganini aytgan boʻlsa, undan chiptachilar yoʻlkira uchun haq olmasliklari aytilgan”, — degan Muslima Obidova.
Uning qoʻshimcha qilishicha, yoshlarga koʻrsatilgan bepul xizmatlar uchun sarflangan xarajatlar Toshkent shahri hokimligi tomonidan qoplab beriladi.
Yoshlar avtobuslardan bepul foydalanishi mumkinligi haqida 1-iyundagi hukumat majlisi bayonotida koʻzda tutilgan. Bunda yoʻlovchilarning yoshi qanday aniqlanishiga oydinlik kiritilmagan.